blog image

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tomoshalari o‘tkazildi

Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili dekabr oyida yurtimizda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni keng nishonlanmoqda. Bugun Nukus shahrining shimoliy tomonidagi Otchopar maydonida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlanib tantanali bayram tomoshalari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bayrami bilan tabrikladi.

Jo‘qorg‘i Kenges Raisi o‘z so‘zida bugungi kunda yurtimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, sohaga yangi texnika va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yer-suv resurslaridan samarali foydalanishni ommalashtirish, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, fermer va klasterlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Bugungi bayram tantanasida yurtimizda agrar sohada samarali faoliyat olib borayotgan bir qator mehnat ilg‘orlari rag‘batlantirildi.

Bayram ishtirokchilariga dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi, mohir oshpazlarimiz tayyorlagan turli taomlar taqdim etildi. San’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi bayram ishtirokchilariga o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan bayram tomoshalari xalq sayli bilan davom etdi.

Skip to content